Kontent qismiga oʻtish

Ayrton Senna

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ayrton Senna

Senna 1993-yilda
Tavalludi 21-mart 1960-yil
Vafoti 1-may 1994-yil
Bolonya, Italiya
Fuqaroligi Braziliya[1]
Faoliyat yillari 1984-1994
Imzosi

Ayrton Senna da Silva (1960-yil 21-mart, São Paulo, Braziliya – 1994-yil 1-may, Bolonya, Italiya) – braziliyalik avtopoygachi, Formula-1 musobaqalarida 3 karra jahon chempioni bo‘lgan (1988, 1990, 1991).

Ayrton Senna 10 yillik poygachilik faoliyatida 41 poygada gʻolib boʻlgan. U jurnalistlar tomonidan „yomgʻir odami“ laqabini olgan. Sennaning poygachilik faoliyatidagi eng yorqin sahifalari 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarini, uning Alain Prost bilan boʻlgan raqobatini oʻz ichiga oladi. U 1994-yilda San Marino gran-prisidagi halokatdan soʻng vafot etgan. Britaniyaning Autosport haftalik nashri tomonidan 2009-yilda oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, Ayrton Senna Formula-1 tarixidagi eng yaxshi poygachi deb topilgan[2] .

Senna 3 yoshlik paytida

Senna 1960-yil 21-mart, dushanba kuni Braziliyaning São Paulo shahridagi Pro-Matre tug‘ruqxonasida, Braziliya vaqti bilan 02:35 da (GMT 5:35) dunyoga kelgan[3]. U badavlat braziliyalik oilaning o‘rtancha farzandi bo‘lgan. U mahalliy yer egasi va zavod boshqaruvchi Milton Guirado da Silva va uning rafiqasi Neide Joanna Senna da Silvaning farzandi edi. Ayrtonning Viviane ismli katta opasi va Leonardo ismli kichik ukasi ham bo‘lgan[4][5]. Senna chapaqay bo‘lgan[6][7]. Uning onasi italiyalik muhojirlarning nabirasi edi[8].

Senna hayotining ilk 4 yilini onasi Neidening otasi João Sennaning uyida o‘tkazgan. Senna yoshligida sportga juda qiziqqan. Gimnastika va boshqa sport turlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 4 yoshida Ayrtonda avtomobil va avtomotopoyga sportiga qiziqish uyg‘ongan. Senna ota-onasi tomonidan “Beco” laqabini olgan[9]. 7 yoshida u ilk marotaba oilasining fermasida mashina haydashni o‘rgangan[10].

Senna São Pauloning Higienópolis mahallasidagi Rio Branco kollejida o‘qigan. Keyinchalik biznes boshqaruviga ixtisoslashgan kollejga o‘qishga kirgan, lekin 3 oy o‘tib o‘qishni tark etgan[11].

Poygachilik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Senna 13 yoshidan karting bilan shug‘ullanishni boshlagan. Sennaning birinchi kartini 1 ot kuchiga ega gazon o‘roq mashinasi dvigateli yordamida otasi yig‘ib bergan. U 13 yoshida ilk musobaqada qatnashgan. U ilk poygasida yoshi kattaroq raqiblarga qarshi qatnashishiga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, u poyganing asosiy qismida yetakchilik qilgan, ammo raqibi bilan to‘qnashuvdan so‘ng poygani tark etgan.

Senna 1977-yilda Janubiy Amerika Kart Chempionatida g‘olib chiqqan. U har yili, 1978-yildan 1982-yilgacha Karting Jahon chempionatida qatnashgan va 1979-1980-yillarda 2-o‘rinni egallagan[12]. 1978-yilda u Terry Fullerton bilan bir jamoada qatnashgan [13].

21 yoshli Senna Formula Ford 1600 musobaqasida

1981-yilda, 21 yoshida Senna Angliyaning Norwich shahri yaqinidagi Eaton shaharchasiga ko‘chib o‘tgan[14] va yakkalik poygalarda qatnasha boshlagan. U Van Diemen jamoasi bilan RAC va Townsend Thoresen Formula Ford 1600 chempionatlarida g‘olib chiqqan[15]. Shunga qaramay, Senna dastlab motorsportda faoliyatini davom ettirishiga ishonmagan. Mavsum oxirida ota-onasining oila biznesida ishlash haqidagi bosimiga qaramay, Senna Formula Forddan ketishini e’lon qilgan va Braziliyaga qaytgan. Angliyani tark etishidan oldin unga 10 000 funt evaziga Formula Ford 2000 jamoasi bilan shartnoma taklif qilingan edi. Braziliyaga qaytgach, u bu taklifni qabul qilgan va yana Angliyaga qaytishga qaror qilgan. Da Silva Braziliyadagi eng keng tarqalgan familiya bo‘lgani uchun u sportda onasining familiyasi – Senna familiyasi ostida mashhurlikka erishgan. 1982-yilda Senna Britaniya va Yevropa Formula Ford 2000 chempionatlarida g‘olib chiqqan[16]. O‘sha mavsumda u Banerj va Pool kompaniyalari homiyligida qatnashgan edi.

1983-yilda Senna Britaniya Formula-3 chempionatida West Surrey Racing jamoasi safida qatnashgan. U mavsumning 1-yarmida katta ustunlikka ega bo‘lgan. Mavsumning 2-yarmida esa Eddie Jordan Racing jamoasi safida poygalarda qatnashuvchi Martin Brundle unga raqobat qilgan. Senna chempionlikni yakuniy turda qo‘lga kiritgan. O‘sha yilning noyabr oyida Senna Macau Formula 3 gran-prisida Teddy Yipning Toyota motorli Theodore Racing Team jamoasi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Sennaning faoliyati davomida unga ko‘p yillar mobaynida menejerlik qilgan Armando Teixeira yordam berib kelgan[17].

Toleman (1984)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Sennaning Toleman TG184 bolidi. Donington Grand Prix Collection

1983-yilda Senna Williams, McLaren, Brabham va Toleman kabi Formula 1 jamoalari bilan sinov mashg‘ulotlarida qatnashgan. Lotus vakili Peter Warr, McLaren vakili Ron Dennis va Brabham vakili Bernie Ecclestone Sennaga 1984-yil uchun uzoq muddatli shartnomalarni taklif qilishgan. Sennaning Williams jamoasi uchun Donington Parkdagi 3,149 km trassada o‘tgan sinovlarida 40 aylanishni amalga oshirgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha amaldagi Jahon chempioni Keke Rosbergni ortda qoldirib eng tezkor davrani qayd etgan[18]. Biroq, 1984-yilgi mavsum uchun Williams va McLaren jamoalarida Senna uchun bo‘sh joy topilmagan.

Lotus vakili Piter Warr Sennaning Nigel Mansell o‘rnini egallashini xohlagan, ammo jamoaning homiysi, Imperial Tobacco (John Player & Sons) musobaqalarda ingliz haydovchisi qatnashishi kerakligini talab qilgan. Brabham uchun sinov 1983-yil noyabr oyida Paul Ricard trassasida o‘tkazilgan va Senna Brabham jamoasini hayratda qoldirgan. Shunga qaramay, jamoaning asosiy homiysi Parmalat jamoaning italiyalik haydovchisini afzal ko‘rgan[19][20]. Shunday qilib, Senna Toleman jamoasiga qo‘shilgan va sobiq motopoygachi Johnny Cecotto bilan birga bir jamoa safida qatnashishgan[21][22].

1984-yilda Senna o‘zining oz vaznidan xavotirlanib, Nuno Cobradan yordam olgan. U Braziliya gran-prisida o‘z debyutini amalga oshirgan, ammo Hart 415T turbokompressori buzilishi tufayli 8-davradayoq o‘yinni tark etgan. Keyingi musobaqa — Janubiy Afrika gran-prisida esa Senna bo‘yin va yelka mushaklaridagi og‘riqlariga qaramay 6-o‘rinni egallagan va o‘zining jahon chempionatidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritgan. Sennaning eng yaxshi natijasi Monako gran-prisida namoyon bo‘lgan. Startda 13-o‘rinda bo‘lgan Senna Niki Laudani 19-davrada ortda qoldirgan va 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Shundan so‘ng peshqadam Alain Prost bilan bo‘lgan farqni qisqartira boshlagan. Ammo kuchaygan yomg‘ir tufayli musobaqa 31-davrada to‘xtatilgan.

Lotus (1985–1987)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Senna 1985-yilda Lotus 97T bolidida

1985-yilda Lotus-Renault safidagi ilk mavsumini Senna italiyalik poygachi Elio de Angelis bilan birgalikda boshlagan. Lotus 97T modeli yaxshi suspenziyaga ega bo‘lsa-da, u tez-tez ishdan chiqib turgan va Senna tajribasizlik tufayli ayrim xatolarga yo‘l qo‘ygan. Mavsumning 2-musobaqasi — Portugaliya gran-prisida Senna o‘ta yomg‘irli sharoitda Michele Alboretoning Ferrarisidan 1 soniyaga o‘zib g‘alaba qozongan. Bu poygada Senna barcha raqiblarini aylanib o‘tgan va hatto 3-o‘rindagi Patrick Tambayni ham ortda qoldirgan. Senna mavsum davomida San Marino, Monako, Britaniya va Germaniya gran-prilarida peshqadamlik qilgan bo‘lsa-da, ba‘zan yo‘qotilgan yoqilg‘i yoki dvigatel nosozligi tufayli yakuniy natijani qo‘lga kirita olmagan[23]. Senna yana 2 marotaba, Niderlandiya va Italiya musobaqalarida shohsupaga ko‘tarilgan. Belgiyaning Spa trassasida Senna 2-g‘alabasini qo‘lga kiritgan. Mavsum oxirida De Angelis Lotus jamoasini tark etishga qaror qilgan. Buning sababi Lotus tobora ko‘proq Sennaga e‘tibor qarata boshlagan edi. Senna va De Angelis jamoada 4 va 5-o‘rinlarni egallashgan va ular o‘rtasidagi farq 5 ochkoni tashkil etgan[24].

O‘sha yili Renaultning V6 dvigatellari 1000 ot kuchidan ortiq quvvat ishlab chiqargani aytilgan[25].

McLaren (1988–1993)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Senna o‘zining ilk chempionligini 1988-yilda McLaren MP4/4 bolidida qo‘lga kiritgan.

Senna o‘zining 1-jahon chempionligini 1988-yilda, mavsumning g‘olib jamoasi McLaren bilan qo‘lga kiritgan. 1987-yilgi Lotusdagi mavsum davomida Honda bilan o‘rnatilgan munosabatlar va McLaren jamoasining o‘sha vaqtdagi 2 karra jahon chempioni Alain Prostning roziligi bilan Senna McLaren jamoasiga qo‘shilgan[26]. Senna va Prost o‘rtasidagi shiddatli raqobatning asosi shu yili boshlangan va bu keyingi 5 yilda bir necha dramatik poygalarga sabab bo‘lgan. Ular shaxsiy raqobatiga qaramay, Ferrari, Williams, Benetton va Lotus kabi asosiy raqiblaridan ustun kelishlari uchun hamkorlik qilishlari kerakligini tezda anglab yetishgan.

Honda RA168E

Sennaga uning 1-jahon chempionligini ta’minlagan muhim dvigatel Honda RA168E edi. 1988-yilgi yirik hodisalardan biri Monako gran-prisida yuz began. U yerda Senna Prostdan 1,4 soniya oldinda saralash o‘yinini yakunlagan va poyganing aksariyat qismida yetakchilik qilgan. Ammo 67-davrda avariya sodir bo‘lgan[27]. Xatosidan juda qayg‘uga tushgan Senna jamoa zonasiga qaytish o‘rniga to‘g‘ri o‘z kvartirasiga yo‘l olgan va o‘sha kuni jamoa bilan umuman gaplashmagan. Jamoa boshlig‘i Ron Dennis televizor kameralarida avariya qayd etilmagani tufayli nima sodir bo‘lganini bilmagan. Prost esa iz qoldiqlariga qarab Sennaning ichki to‘siqqa tegib ketganini va tashqi himoya devoriga urilganini taxmin qilgan.

Portugaliya gran-prisida esa Prost biroz tezroq start olgan. Senna esa birinchi burilishga kirishda uni keskin bloklagan va fransuz poygachisini 290 km/soat tezlikda deyarli devorga urdirib qo‘yishiga oz qolgan. Prost Sennaning bu ishidan juda qattiq g‘azablangan va shundan so‘ng FIA tomonidan Sennaga ogohlantirish berilgan. Poygadan so‘nggi brifingda Prost ushbu harakatdan noroziligini bildirgan.Shundan so‘ng Senna undan uzr so‘ragan.

O‘sha mavsumda Senna va Prost juftligi 16 ta poygadan 15 tasida g‘alaba qozonishgan. Senna Prostni ortda qoldirib 8 ta g‘alaba bilan o‘zining 1-jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Garchi Prost mavsum davomida ko‘proq ochko to‘plagan bo‘lsa-da, faqat eng yaxshi 11 ta natija hisobga olinganligi tufayli Sennaning ochkolari Prostning ochkolaridan uch ochkoga ko‘p edi. O‘sha yili Senna ko‘plab rekordlarni yangilagan.

Alain Prost va Senna 1988-yilgi Kanada gran-prisida. O‘sha poygada Senna g‘alaba qozongan.

Mavsumning eng muhim hodisasi Monzaga o‘tkazilgan Italiya gran-prisida ro‘y bergan. So‘nggi ikki davraga kirishda Senna McLaren MP4/4 bilan Ferrari haydovchilari Gerhard Berger va Michele Alboretolardan besh soniya oldinda ketayotgan edi. Ammo Jean-Louis Schlesser boshqaruvidagi Williams FW12 bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan va Sennaning mashinasi to‘xtab qolgan. Ferrari jamoasi 1- va 2- natija bilan poygani yakunlagan va bu ularning jamoa asoschisi Enzo Ferrarining vafotidan keyin Italiya gran-prisidagi ilk yirik g‘alabasi bo‘lgan. Shu tariqa, ushbu poyga1988-yilda McLaren g‘alaba qozona olmagan yagona poyga bo‘lgan.

Williams (1994)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Williams FW16 Senna boshqargan oxirgi Formula 1 bolidi bo‘lgan.

1994-yilda nihoyat Prost iste’foga chiqqach Senna Williams jamoasiga qo‘shilgan va unga 20 million dollar maosh berilgan[28][29]. Sennaga 2-raqamli avtomobil berilgan, jamoadoshi Damon Hill esa 0-raqamli avtomobil bilan qatnashgan. Agar Prost qaytganida u 1-raqamdagi avtomobilda harakatlanishi hisobga olingan va 1-raqam hech kimga berilmagan. Sennaning kelishi bilan jamoaga yangi homiy Rothmans International ham qo‘shilgan va u Senna uchun taniqli oq va ko‘k rangli liboslarini taqdim etgan.

Mavsum oldi sinovlari davomida yangi Williams FW16 avtomobili 1993-yilgi FW15C va 1992-yilgi FW14B modellarining ustunliklarini ko‘rsata olmagan. Chunki 1994-yilgi qoidalar o‘zgarib, faol suspenziya, traksiya nazorati va ABS taqiqlangan edi. O‘sha mavsum Sennaning mashinasi Michael Shchumacherning Benetton B194 mashinasi bilan raqobatda bo‘lgan[30] .”

Mavsumning ilk poygasi Braziliyadagi Interlagos trassasida bo‘lib o‘tgan. Senna dastlab peshqadamlikni qo‘lga olgan, ammo Shchumacherning Benetton avtomobili pit-stoplardan birida uni ortda qoldirgan. Senna poygada g‘alaba qozonishga intilgan va 56-davrda Junçao burilishidan chiqishda mashinasini orqaga aylantirib yuborgan va shu tariqa o‘yindan chiqqan. Ikkinchi poyga — Tinch okeani gran-prisida ham peshqadam bo‘lgan, ammo startda Shchumacher birinchi burilishga kirishda uni ortda qoldirgan. Senna 1-burilishda Mika Häkkinenning zarbasiga uchragan va natijada, avariya tufayli yana poygani yakunlay olmagan. Bu Sennaning Formula 1 musobaqalaridagi eng yomon starti bo‘lgan. U ikkala poygada ham poygani tugata olmagan va natijada ochko olmagan. Shchumacher esa o‘sha paytda chempionatda Sennadan 20 ochko oldinda ketayotgandi[31].

1994-yilgi mavsumda qoidalar o‘zgartirilgan. Faol suspenziya, ABS, traksiya nazorati va boshlang‘ich boshqaruv kabi elektron yordam tizimlari taqiqlangan. Boshidanoq Benetton jamoasi bilan bog‘liq noqonuniy shubhalar Sennani tashvishga solayotgan edi. Misol uchun, u Tinch okeani gran-prisida birinchi davrada chiqib ketganidan so‘ng poyganing qolgan qismida avtomobillarni kuzatish uchun birinchi burilish yonida turib, taqiqlangan traksiya nazorati tizimi ishlatilayotgan yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilgan. Poyga tugagach, u Williams boksiga shubhalanib qaytgan va Benetton avtomobili qoidaga zid ravishda harakatlanganligini payqab qolgan.

1994-yilgi mavsum Adelaida shahrida yakunlangan. Schumacher jahon chempionligini shu poygada qo‘lga kiritgan, ammo yakuniy bosqichda raqibi va Sennaning jamoadoshi Damon Hill bilan to‘qnashuvdan so‘ng poygadan chiqib ketgan. Ushbu bahsli chempionlikdan so‘ng Schumacher FIAning rasmiy konferensiyasida o‘z g‘alabasini Sennaga bag‘ishlagan[32].

Ayrton Sennaning halokati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1994-yilgi San-Marino gran-prisi 28-apreldan 1-maygacha Italiyaning Imola shahrida, Autodromo Enzo e Dino Ferrari trassasida o‘tkazilgan. Mavsumning dastlabki 2 poygasini tugata olmagan Senna ushbu poygani o‘sha mavsumdagi o‘zi uchun tub burilish nuqtasi deb atagan va ushbu trassadagi g‘alaba orqali chempionlik poygasiga qaytishini ta‘kidlab o‘tgan[33]. Williams jamoasi Imolaga modifikatsiya qilingan FW16 avtomobillarini olib kelgan. Juma kuni saralash mashg‘ulotlarida Sennaning hamyurti va shogirdi Rubens Barrichello og‘ir avariyaga uchragan. U to‘siqqa urilgan, burni va qo‘li singan holda musobaqadan chiqib ketgan[34]. Barrichello hushiga kelganida uning yonida birinchi ko‘rgan kishisi aynan Senna edi[35].

Shanba kungi saralash mashg‘ulotlari davomida avstriyalik debyutant Roland Ratzenbergerning avtomobili 310 km/soat tezlikda Villeneuve burilishiga kirayotganda old qanoti sinib beton devorga urilgan va poygachi o‘sha yerning o‘zida halok bo‘lgan. Senna darhol voqea joyiga va tibbiy markazga borgan va u yerda FIAning tibbiy rahbari Sid Watkins bilan uchrashgan.

Yakshanba kuni ertalab Senna sobiq jamoadoshi va raqibi Alain Prost bilan suhbatlashgan. Prost 1993-yilda faoliyatini yakunlagan va jurnalist sifatida faoliyat yuritayotgan edi[36][37].

Grand-pri boshlanishida Senna peshqadamlikni saqlab qolgan, ammo boshlang‘ich chiziqda baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. JJ Lehtoning Benetton-Ford avtomobili to‘xtab qolgan va Pedro Lamyning Lotus-Mugen Hondasi bilan to‘qnashgan. Shina va boshqa qismlar tomoshabinlar zonasiga uchib ketib, 8 muxlis va 1 politsiya xodimiga jarohat yetkazgan. Xavfsizlik avtomobili sifatida Opel Vectra bir necha davra davomida poygachilar oldida harakat qilgan. Opel Vectraning past tezligi Formula 1 avtomobillari shinalarining sovishiga sabab bo‘lgan va ularning bosimi pasaygan. Senna xavfsizlik mashinasi haydovchisi Max Angelelliga tezligini oshirishini aytgan.

Poyga 6-davrda qayta boshlangan va Senna tezlikni oshirib, davrani eng tez natija bilan yakunlagan. Biroq, 7-davrda Tamburello burilishida uning avtomobili 307 km/soat tezlikda poyga chizig‘ini tark etib, to‘g‘ri chiziqda 233 km/soat tezlik bilan beton devorga urilgan. Avtohalokat natijasida poyga to‘xtatilgan.

Halokatdan ikki daqiqa o‘tgach, Senna mashinadan chiqarilgan va Sid Watkins boshchiligidagi tibbiy jamoa, jumladan reanimatsiya bo‘yicha anesteziolog Jovanni Gordini tomonidan dastlabki yordam ko‘rsatilgan[38]. Sennaning holati va arteriyadagi og‘ir qon ketishi uning hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgan. Bu vaqtda u o‘z qon hajmining 90 foizini, taxminan 4,5 litr qon yo‘qotgan edi. Watkins uning kengaygan qorachig‘ini ko‘rib, uning miyasining asosiy faoliyati to‘xtaganini va omon qolishi imkonsizligini anglagan[39].

Soat 18:40 da Bolonya shahridagi Maggiore shifoxonasining shoshilinch bo‘limi boshlig‘i Mariya Teresa Fiandri Sennaning vafot etganini e‘lon qilgan, ammo Italiya qonunchiligiga ko‘ra, rasmiy o‘lim vaqti soat 14:17, ya’ni devorga urilgan payt sifatida qayd etilgan. Chunki uning miya faoliyati o‘sha vaqtda to‘xtagan edi. Halokatda avtomobilning old g‘ildiragi va suspenziyasi orqaga qaytib, Sennaning boshiga urilgan. G‘ildirakka biriktirilgan qism Sennaning shlemini teshib o‘tgan va peshonasiga borib urilgan, shuningdek, uning shlemining ko‘z oynasi yaqinida o‘tkir metall qism tirnalgan edi. Bu zarbalar Senna miyasining shikastlanishi, kalla suyagi sinishi va chakka arteriyasining yorilishiga olib kelgan. Shifokor Fiandri fikriga ko‘ra, ushbu jarohatlarning har biri o‘limga olib kelishi mumkin edi.

Tibbiy xodimlar Sennaning avtomobilini ko‘zdan kechirishganida, uning ichida Avstriya bayrog‘i topilgan — u poygadan keyin Ratzenberger sharafiga ushbu bayroqni ko‘tarishni rejalashtirgan edi[40]. Sennaning holati tibbiy yordam ko‘rsatgan tibbiy xodimlari tomonidan suratga olingan bo‘lsa-da, bu suratlar, hurmat nuqtayi nazaridan, ommaga rasman taqdim etilmagan.


  1. (unspecified title)
  2. „Drivers vote Senna the greatest ever“. Autosport.com. 2019-yil 7-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 7-noyabr.
  3. „Gafisa presta homenagem a Ayrton Senna: "morador ilustre a gente não esquece"“ [Gafisa pays tribute to Ayrton Senna: "we will not forget illustrious residents"] (pt-BR). Instituto Ayrton Senna (2009-yil 9-iyun). 2011-yil 11-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 2-oktyabr.
  4. „Ayrton Senna: Tragic Hero“. History and Legends of Grand Prix Racing. 2012-yil 1-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 30-avgust.
  5. „Who was Ayrton Senna and why is he regarded as one of F1's greatest drivers?“ (en). formula1.com. Formula 1 (2024-yil 1-may). 2024-yil 1-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 6-may.
  6. „Do left-handers make better drivers?“. Metro (2008-yil 12-avgust). 2012-yil 17-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 1-aprel.
  7. Hamilton, Maurice. „Thirty years on: When Ayrton Senna beat Alain Prost at Monaco without two gears“. ESPN (2019-yil 20-may). 2020-yil 8-iyunda asl nusxadan arxivlangan.
  8. Taddone, Daniel „A genealogia de Ayrton Senna“ [Ayrton Senna's genealogy] (pt-BR) (2019-yil 15-dekabr). 2020-yil 25-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 20-fevral.
  9. Williams, Richard. The Death of Ayrton Senna. Penguin Books, 2010. 
  10. Kapadia, Behram. Formula One: The Story of Grand Prix Racing. Silverdale Books, 2004 — 66-bet. ISBN 1-85605-899-9. 
  11. „100 anos em 34“ [100 years in 34] (pt). Veja (1994-yil 3-may). 2012-yil 18-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 20-fevral.
  12. „Ayrton Senna – Racing Career“. MotorSports Etc. 2010-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 12-may.
  13. Calkin, Jessamy. „Senna: the driver who lit up Formula One“ (2011-yil 20-may). 2022-yil 10-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 15-avgust.
  14. Hayes, Paul; Applegate, Zoe. „Ayrton Senna: Racing legend's Norwich years“. BBC News (2014-yil 4-may). 2021-yil 17-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 17-aprel.
  15. Barlow, Jason „Ayrton Senna's early days: five moments from five people“. BBC TopGear. 2024-yil 3-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 3-iyun.
  16. „From the Vault: F1 is robbed one of its most dazzling talents“ (2008-yil 30-aprel). 2008-yil 5-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 30-aprel.
  17. Watkins, Gary. „Ayrton Senna's sportscar cameo“. Motor Sport (2006-yil iyun). 2021-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 16-avgust.
  18. Benson, Andrew. „Senna Remembered“. BBC Sport (2009-yil 1-may). 2009-yil 3-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 1-may.
  19. Clarkson, Tom (18 October 2012). „When Senna drove for Brabham“. F1 Racing. 201-jild, № November 2012. Haymarket Publications. 62–67-bet.
  20. Rubython (2004), s. 90.
  21. Drackett, Phil. Brabham : Story of a racing team. Arthur Barker, 1985 — 134–135-bet. ISBN 0-213-16915-0. 
  22. „Happy birthday to Johnny Cecotto“ (2010-yil 25-yanvar). 2013-yil 4-noyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  23. Roebuck, Nigel. „Legends: Estoril 1985“. Motor Sport (2000-yil 16-iyun). 2020-yil 14-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 12-noyabr.
  24. Elson, James „Revelation of Estoril: how Ayrton Senna won the 1985 Portuguese GP“. Motor Sport (2020-yil 23-oktyabr). 2021-yil 9-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 9-fevral.
  25. „Mansell after Grand Prix mark“ (1985-yil 3-noyabr), s. 15B. 2021-yil 18-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 1-noyabr.
  26. Roebuck, Nigel (1 October 1998). „Ayrton Senna by Alain Prost“. Motor Sport. 28 August 2010da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 11 February 2024 — ProstFan.com.
  27. McGowan, Tom. „The fast and the furious: Ayrton Senna's greatest F1 moments“. CNN (2011-yil 25-may). 2020-yil 6-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 13-oktyabr.
  28. Lopes, Rafael; Murgel, Leonardo; Grünwald, Alexander „Ayrton Senna: o período na Williams“. Globo (2009-yil 1-may). 2022-yil 1-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 21-oktyabr.
  29. Newman, Bruce (9 May 1994). „The Last Ride“. Sports Illustrated. 23 October 2013da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 13 October 2012.
  30. „Ayrton Senna 1960–1994: In his own words“. ESPN. 2014-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 21-mart.
  31. „Senna retrospective“. BBC Sport (2004-yil 21-aprel). 2010-yil 2-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 26-aprel.
  32. 1994 Australian Grand Prix Press Conference with Michael Schumacher. FIA.
  33. „Ayrton Senna's interview by Murray Walker, 28 May 1994“. YouTube (2007-yil 4-noyabr). 2021-yil 11-dekabrda asl nusxadan arxivlangan.
  34. „Ayrton, Prof & Me“. Institute Quarterly. 2012-yil 26-noyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  35. Jones, Dylan „The last 96 hours of Ayrton Senna“. 8wforix (2011-yil 22-aprel). 2012-yil 31-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-sentyabr.
  36. Ciccarone, Paolo. „Ricordando Senna. Quel giorno a Imola, con la morte in pista“ (it). AutoMoto Italia (2018-yil 27-aprel). 2021-yil 8-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-sentyabr.
  37. „History of the F1 Safety Car“. enterF1.com (2009-yil 21-aprel). 2012-yil 26-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 10-avgust.
  38. Lorenzini, Tommaso „Ayrton Senna, il racconto della dottoressa: "Così mi morì in braccio"“. Libero Quotidiano (2014-yil 23-aprel). 2014-yil 28-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 12-dekabr.
  39. „The death of Ayrton Senna: His last 100 hours“ (2008-yil 25-fevral). 2008-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 4-iyun.
  40. Longer, Andrew „Ayrton Senna: The Last Hours“. The Times (1994-yil 31-oktyabr). 2021-yil 2-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-sentyabr.